Samarqand shahrining ichimlik suvidan uzilgan aholisiga to‘rtta maxsus mashinada suv yetkazib berilayotgani ma’lum qilindi

Samarqand shahrining ayrim hududlarida ichimlik suvidan uzilishlar bo‘layotgani tufayli aholiga to‘rtta maxsus mashinada ichimlik suvi yetkazib berish boshlangani ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha,19-iyul soat 23:00 dan boshlab ayrim hududlarda ichimlik suvi kelishi to‘xtatildi. Shuni inobatga olgan holda 20-iyul, dushanba kunidan e’tiboran “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Samarqand shahar bo‘limi tomonidan to‘rtta maxsus suv tashuvchi mashinalarda navbati bilan aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, rasmiy xabarda shahar aholisidan o‘z hududida ichimlik suvidan muammo kuzatilayotgan bo‘lsa, quyidagi raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan: +998 95 410 18 21; +998 95 411 18 21.

Eslatib o‘tamiz, 19-iyul, yakshanba kuni Samarqand shahrining ayrim hududlarida ichimlik suvidan uzilishlar bo‘lishi ma’lum qilingan edi.

Avvalroq Samarqandda davlat soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlangani va viloyatda 46 nafar bemor koronavirusdan sog‘aygani xabar qilingandi.