Toshkentda koronavirus tashxisi qo‘yilgan 51 yoshli erkak vafot etdi
Koronavirusga chalingan Toshkent shahrida yashovchi 51 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi V.T. (erkak)da 2020-yil 5-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan bemor hamroh kasallikdan vafot etib, jami o‘limlar soni 88 taga yetgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumot uchun, Toshkentda 10 ta xususiy klinika koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilishni boshlab, bemorlar uchun 2 300 dan ziyod o‘rin-joylar tashkil etildi.