Toshkentda koronavirusga chalingan bemor hamroh kasallikdan vafot etdi. Jami o‘limlar soni 88 taga yetdi

Koronavirusga chalingan poytaxtlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 60 yoshli F.T. (ayol)da joriy yil 8-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir hamda poliorgan yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiya, qandli diabet kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 39 yoshli erkak vafot etgani haqda xabar berilgan edi.

Янгиликлар