Toshkentda koronavirusga chalingan 39 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 87 taga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan 39 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumanida yashagan 39 yoshli M.R. ismli erkakda 6-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unda koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, 19-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 145 nafarga ko‘payib, 16 752 kishiga yetdi. Kun davomida jami 152 nafar bemor koronavirusdan butunlay forig‘ bo‘lgan. Shunday qilib, mamlakatda 9279 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan.

Hozirda mamlakatda 7386 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq koronavirusga chalingan Olmazor tumanida yashovchi 65 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар