Farg‘onada fuqaro eshigi qulflanmagan uyga kirib, o‘g‘irlik sodir etdi
Farg‘ona shahrida fuqaro eshigi qulflanmagan xonadonga kirib, televizor, uyali telefon va velosipedni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
18-iyuldan 19-iyulga o‘tar kechasi fuqaro U.Z. Neftchilar ko‘chasida yashovchi P.A.ning xonadoniga hech kim yo‘qligi va eshigi qulflanmaganidan foydalanib kirgan hamda xonadondagi narxi 2 500 000 so‘mlik “Samsung” rusumli televizor, narxi 1 500 000 so‘mlik “Samsung A6” rusumli uyali telefon apparati va qiymati 1 200 000 so‘mlik “Shimano” nomli velosipedini o‘g‘irlab ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Avvalroq, Buvaydadagi do‘kondan jami 30,4 million so‘mlik telefonlarni o‘g‘irlagan voyaga yetmagan ikki bolaga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Farg‘onada 700 ming so‘mlik telefon o‘g‘irlagan jinoiy guruh qo‘lga olingan edi. Quvada esa narxi bir yarim million so‘mlik telefon o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingandi.