Video: Qoraqalpog‘istonda bir guruh fuqarolar Nukus—Toshkent magistral yo‘lini to‘sib qo‘ydi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida bir guruh fuqarolar suv tanqisligidan norozi bo‘lib, Nukus—Toshkent magistral yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Bu haqda Telegram’dagi “Qoraqalpoq 24” kanali xabar bermoqda.

Kadr: Telegram

Ta’kidlanishicha, ayni paytda Beruniy tumanining ko‘pgina qishloqlarida suv tanqisligi sabab aholi tomorqasini sug‘orishda muammo yuzaga kelmoqda. Oqibatda tomorqagadagi ekinlar issiqda qovjirab, quriy boshlagan. Ayrim mahallalarda esa odamlar “kachalka” quduqlardan suv iste’mol qilmoqda. Qoramollar esa ariqdagi suvdan sug‘oriladi. Suv kelmay qo‘ygach, ayrim xonadonlarda chorva mollarining kasallanish holati ko‘paygan.

Amudaryo to‘lib-toshib oqayotgan mavsumda aholini suv bilan ta’minlamaslik mahalliy rahbarlarning e’tiborsizligidan boshqa narsa emas.

Uzoqboy Bekov, qoraqalpog‘istonlik jurnalist

Fuqarolarning bir necha soat davomida Nayman ko‘prigi yaqinida magistral yo‘lni to‘sishi natijasida tirbandlik hosil bo‘lgan. Voqealar rivoji haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas.

Avvalroq Samarqand shahrining ichimlik suvidan uzilgan aholisiga to‘rtta maxsus mashinada suv yetkazib berilayotgani ma’lum qilingandi.