Toshkentda fuqaroning mashinasini o‘g‘irlab, yo‘l chetida qoldirib ketgan shaxs qo‘lga olindi

Toshkentda fuqaroning uyidan mashinasini o‘g‘irlab, nosozligi sababli yo‘l chetida qoldirib ketgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida 2020-yilning 13-iyul kunidan 14-iyul kuniga o‘tar kechasi soat 01:30 da 28 yoshli A.G. Quyi Chirchiq tumani “Beshkent” mahallasida yashovchi 33 yoshli A.K.ning uyi hovlisiga noqonuniy ravishda kirib, hovlida turgan “VAZ 2106” rusumli avtomashinasini hech kimdan so‘ramasdan o‘t oldirib, “Ko‘ksaroy” mahallasi tomonga harakatlanib ketgan. Avtomashina texnik jihatdan nosoz bo‘lgani uchun buzilib qolganligi sababli uni yo‘l chetida qoldirib, avtomashinaning chap old eshigi hamda chap eshigidagi oynasini sindirgan va hodisa joyidan yashiringan.

Holat yuzasidan Quyi Chirchiq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.G. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Toshkentda fuqaroning uyidan 70 million so‘mlik tilla buyumlari va kompyuterini o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olingan edi.

Янгиликлар