Farg‘onada 16 ming dollarga yer maydoni olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Farg‘onada 16 000 AQSh dollari evaziga imorat qurish uchun yer maydoni olib berishini aytib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona shahar Yakkatut ko‘chasida yashovchi fuqaro Sh.S. 2017-yilning bahor faslida tanishi X.Sh.ning ishonchiga kiradi. U tanishlari orqali “Juydam” mahallasidan 16 000 AQSh dollari evaziga imorat qurish uchun yer maydoni olib berishini aytadi. Va’dasini bajarmasdan, aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Yozyovon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Andijonda fuqaroni urib, mashinasidan 500 dollar va 60 ming so‘m olganlikda gumon qilinib, 4 kishi qo‘lga olingani, Sergelida kam ta’minlanganlarga ajratilgan 95,8 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilinganligi aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар