UzAuto Motors kompaniyasi deputat Rasul Kusherbayevning ayblovlariga munosabat bildirdi

Deputat Rasul Kusherbayev UzAuto Motors kompaniyasining tez yordam uchun avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotayotganini tanqid qilgan edi. Kompaniya ushbu tanqid yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: O‘zLiDep

Unga ko‘ra, deputat Kusherbayevning madaniy muloqot doirasidan chetga chiqqani hamda mavzudan bexabar o‘quvchi uchun bamisoli kompaniyani mavjud vaziyatda narxlarni atayin oshirayotgandek qilib ko‘rsatayotgani da’vo qilingan. Shuning uchun pandemiya davrida UzAuto Motors tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sanab o‘tgan.

“‘O‘zavtosanoat’ AJ va uning tuzilmaviy bo‘linmalari birinchilardan bo‘lib ‘O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik’ jamoatchilik fondiga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘tkazdi. Bundan tashqari, aprel oyida kompaniya respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard so‘mlik tibbiyot jihozlarini keltirish tashabbuskori bo‘ldi. Yana 2 milliard so‘mga teng mablag‘ tarmoq korxonalari tomonidan Sardoba suv ombori yorilishi va Buxoro viloyatidagi to‘fondan zarar ko‘rganlar foydasiga o‘tkazildi”, — deya yoziladi kompaniyaning rasmiy saytida.

Bundan tashqari, tarmoq tomonidan hokimiyat idoralariga, karantin muassasalarining qurilishi uchun o‘kani sun’iy ventilyatsiyalash apparatlari va 2500 ta konteyner beg‘araz taqdim etilgani qayd qilingan.

“Epidemiyaning ilk kunlarida, hali maxsus karantin markazlari yaratilmagan paytda, ‘O‘zavtosanoat’ AJ Hojikentdagi ‘Lochin’ idoraviy sog‘lomlashtirish oromgohini yuzlab insonlarni karantinga joylash uchun taqdim etdi va ularning to‘liq ta’minotini zimmasiga oldi. Mana shular va boshqa ko‘plab faktlardan keyin ham, kompaniya vatandoshlar tashvishlariga bee’tibor, deb da’vo qilish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?” — deyiladi bayonotda.

Bunga qo‘shimcha tarzda, UzAuto Motors mutlaqo bepul ravishda Andijon viloyati hokimligiga olti dona Damas tez yordam avtomobilini taqdim etganini ma’lum qilgan va bu haqda barcha OAVlarda e’lon qilinmaganini xato bo‘lgan, deb hisoblab, kompaniya umumiy ofat paytida bunday ishlarni ko‘z-ko‘z qilishni to‘g‘ri deb hisoblamasligini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat Rasul Kusherbayev monopolistlarning pandemiya davrida katta mablag‘larga ega ekanini tanqid qilgan edi.

Янгиликлар