Qozog‘istonda o‘tgan bir sutka ichida 1646 kishida koronavirus aniqlandi, Rossiyada COVID-19 qurbonlari soni 13 mingga yaqinlashdi

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Tengrinews”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 23-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 76 799 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 48 220 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1646 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi WhatsApp messenjerida tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirgandi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlanishi va bolalardagi o‘pka kasalliklari avj olishi haqda messenjerda tarqalayotgan xabarlar mutlaqo asossiz.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 23-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 30 326 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 16 791 nafari sog‘ayib, 1169 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 12 366 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 890 kishiga ko‘paygan, 46 nafar bemor vafot etgan.

Avvalroq Jogorku Kenesh sobiq deputati Roza Abduraimova 22-iyul kuni pnevmoniyadan vafot etgani haqda xabar berilgandi. Deputat 62 yoshda bo‘lgan.

Foto: “Asia-plus”

Tojikiston

Tojikistonda 23-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 7015 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5741 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 58 nafari vafot etgan.

Avvalroq Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Navro‘z Jafarov mamlakatda koronavirusning ikkinchi to‘lqini tarqalishi haqida gapirishga hali ertaligini ma’lum qilgan.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, Turkmanistonda bozorlar, istirohat bog‘lari va umumiy ovqatlanish joylari 1-avgustgacha yopilgan.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiya

Rossiyada 23-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 795 038 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 580 330 nafari sog‘aygan, 12 892 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5848 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар