Toshkentda koronavirusga chalingan 73 yoshli bemor vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 126 nafarga yetdi
Toshkentda koronavirusga chalingan 73 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 73 yoshli U.T. (ayol) 12-iyul kuni COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.
Bemorda o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, koronavirusli ensefalit va poliorgan yetishmovchiligi asoratlari kuzatilgan.
Shu bilan birga bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar aniqlangan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, sepsis va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etdi.
Shunday qilib, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 126 nafarga yetdi.
Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 61 yoshli erkak vafot etgani xabar qilingandi.
Keyinchalik Toshkentda koronavirusga chalingan yana bir homilador ayol vafot etgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, 28-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 21 893 (+194) nafarni tashkil etmoqda.
Hozirga qadar 12 265 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (56 foiz) sog‘aygan. Ayni paytda mamlakatda 9502 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.