Namanganda 62 nafar maktab bitiruvchisiga 30 sotixdan yer maydonlari berildi
Namanganda 62 nafar maktab bitiruvchisiga 30 sotixdan yer berilib, ularga yerga egalik qilish bo‘yicha viloyat hokimining sertifikatlari ham topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu tadbir viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, viloyat o‘rmon xo‘jaligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi va Chortoq tuman hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Yerga egalik sertifikatlari tumanning “Keskanyor”, “Shodlik”, “Laskidon”, “Damariq”, “Yuksalish” hamda “Alisher Navoiy” MFY hududlaridagi 4, 5, 6, 32-umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 62 nafar bitiruvchisiga topshirildi.
Ta’kidlash joizki, Chortoq tumani bo‘yicha jami 119 gektar yer 300 nafar ishsiz yoshga 49 yilga bepul berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, viloyat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan hudud sharoitidan kelib chiqib, bodom, yong‘oq, olxo‘ri ko‘chatlari ekib beriladi.
2019/2020-yilda tumandagi umumta’lim maktablarini jami 2619 nafar bitiruvchi tamomladi.
Ularning 2097 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish istagini bildirgan bo‘lsa, 13 nafari muddatidan avval xorijiy oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘lib, 135 nafari texnikum va kasb-hunar kollejlarida tahsilni davom ettirish, 297 nafari hunar o‘rganish, 3 nafari harbiy xizmatga borish, 106 nafari esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ahd qilgan.
Avvalroq Chortoqdagi 187 nafar maktab bitiruvchisiga yer ajratib berilgani haqda xabar berilgan edi.