Chortoqda 187 nafar maktab bitiruvchilariga yer ajratib berildi (foto)

Namangan viloyat o‘rmon xo‘jaligining “Muchum Keskanyor” muqobil mashina traktor parki hududidagi “Tollik” massividagi yer maydonlariga 500 nafar yoshlar egalik qiladi. Hozirgacha 187 nafar chortoqlik yoshlarga ushbu hududdan 30 sotixdan yer maydoni ajratib berildi. Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Viloyat va tuman hokimliklari, viloyat favqulodda vaziyatlar, xalq ta’limi boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi hamkorligida 29-iyul kuni “Keskanyor”, “Laskidon”, “Damariq”, “Yuksalish” hamda Navoiy nomli mahallalaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar bitiruvchilariga 30 sotixdan yer ajratilib, tuman hokimining sertifikatlari topshirildi. Tuman hokimi Anvarjon Otaxodjayev yoshlarga yerdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish bilan birga kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

2020-yilda tumandagi umumta’lim maktablarini jami 2619 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 2097 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish istagini bildirgan. 13 nafari muddatidan avval xorijiy oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lgan. 135 nafari texnikum va kasb-hunar kollejlarida tahsilni davom ettirish, 297 nafari hunar o‘rganish, 3 nafari harbiy xizmatga borish, 106 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini ma’lum qilgan.

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Ushbu yerlar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarga 49 yilga shartnoma asosida bepul beriladi. Viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan bodom, yong‘oq, olxo‘ri va shunga o‘xshash ko‘chatlar ekib beriladi. Ko‘chatlar rivojlanguncha va keyinchalik ham qator oralarida dehqonchilik qilib, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati bor. Tuman hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ko‘magi bilan qo‘shimcha suv tarmoqlari tortib berilmoqda.

Avvalroq So‘x tumanida g‘alladan bo‘shagan yerlarning navbatdagi taqsimoti bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар