Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekistonda o‘quv yilini boshlash bo‘yicha uchta ssenariy ustida ish borayotganini ma’lum qildi

Xalq ta’limi vazirligi o‘z vakolatidan kelib chiqib o‘quv yilini boshlash bo‘yicha 3 ta ssenariy ustida ish olib bormoqda. Bu haqda vazirlikning axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

1-ssenariy: Pandemiya holati barqarorlashib, maktablar odatiy tartibda o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu vazirlik va o‘quvchilar uchun eng maqbul variant. Xalqaro tajriba maktab yoshidagi bolalarga kasallik kam holatda yuqishini, ulardan kattalarga yuqish xavfi ham kamligini ko‘rsatmoqda.

2-ssenariy: Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda bolalarda virus kechishi bo‘yicha xulosasi ijobiy bo‘lmagan taqdirda ta’lim onlayn tartibda davom ettirilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

3-ssenariy: Gibrid ssenariy bo‘lib, maktablar ochiladi. Maktablar ham sinf tizimiga o‘tkaziladi. Faqat ma’lum bir hudud, maktab holatidan kelib chiqib, o‘quvchilarning onlayn darslarda yoki maktabdagi darslarda bilim olishi davom ettiriladi.

Bunda, dastlabki bosqichda farzandi salomatligidan xavotir olgan ota-onalarga bolani uyda onlayn o‘qitishga imkon berilishi ko‘zda tutiladi, ya’ni davomat erkin bo‘ladi. O‘quvchi oddiy darsda qatnashsa ham, onlayn dars orqali qatnashsa ham bo‘ladi.

Yakuniy xulosa Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan e’lon qilinadi.

Shu o‘rinda aytish joizki, karantin qoidasi o‘zgarishidan qat’i nazar vazirlik tomonidan onlayn maktab loyihasi davom ettirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha bolaning maktabdan tashqari olgan bilimini uyga kelib mustahkamlash, o‘qituvchilarga esa malakali hamkasblarining mahorat darslarini olish uchun doimiy imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Avvalroq yangi o‘quv yilida qancha o‘quvchi 1-sinfga borishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov vaziyat yaxshilansa, 1-sinflar uchun darslar onlayn bo‘lmasligini aytgan edi.