Namanganda qo‘shnisining uyidan 300 dollar va 1 mln so‘mdan ortiq pul o‘g‘irlagan ikki ayol qo‘lga olindi

Namangan viloyati Norin tumanida 25-iyul, shanba kuni ayol kishining uyidan uning ikki qo‘shnisi 300 dollar va bir milliondan ortiq pullarini o‘g‘irlab ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur tumandagi “Toshloq” MFYda 23-iyul kuni soat 21:00 atrofida noma’lum shaxslar shu mahallada yashovchi 1950-yilda tug‘ilgan ayolning yashash uyiga ochiq qolgan darvoza orqali kirgan. Xonadagi sandiq ichida bo‘lgan 300 AQSh dollari va 1 100 000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketgan. Ushbu hodisa haqida ayol 25-iyul kuni tuman Ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.

Tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni shu mahallada yashovchi 1982-yil va 1986-yillarda tug‘ilgan 2 nafar ayol sodir etganligi aniqlanib, ulardan daliliy ashyolar olingan.

Holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 2020-yil 25-iyul kuni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Kattaqo‘rg‘onda umumiy qiymati 3,5 million so‘mdan ortiq quvurni o‘g‘irlaganlar ushlangani va Samarqandda yuk mashinasidagi 5340 dollar va 3 600 000 so‘m pullarni o‘g‘irlagan 25 yoshli qiz ushlangani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар