“Xodimlarimiz orasida kasallanganlar, karantinda saqlanayotganlar va virusdan vafot etganlar ham bor” — Shohrux G‘iyosov

AOKA huzuridagi shtabda 29-iyul kuni Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda aholidan tushgan eng muhim savollarga javob qaytarilgan.

Kadr: YouTube

Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda IIV xodimlarining qiyin ahvolga tushib qolganliklari, oyliklari yetmayotganligi, rahbarlar tomonidan majburiy plan qo‘yilishi va hokazo qiyinchiliklar haqida vazirlik matbuot kotibi izoh bergan.

“Hozir hech kimga oson emas. Albatta, bugungi kunda ichki ishlar organlariga qo‘yilayotgan yuklama ko‘p marotaba oshgan. Bizning xodimlar orasida ham kasallanganlar, karantinda saqlanayotganlar va shu kasallikdan vafot etganlar ham bor. Lekin Ichki ishlar organlari xodimlari har qanday vaziyatda oldilariga qo‘yilgan vazifani bajaradilar, bunga bizning kuch va vositalarimiz yetarli”, — deydi Shohrux G‘iyosov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda xodimlar uchun majburiy plan kabi talablar qo‘yilmaydi. Shuningdek, kimda bu haqda ma’lumot bo‘lsa, 1102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishini, natijada ijrochiga ham, rahbariga ham qat’iy chora ko‘rilishini va murojaat qilgan kishilarning shaxsi sir saqlanishini ta’kidlagan.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori, IIV podpolkovnigi, Toshkent shahar IIBB mayori va Sergeli IIO FMB podpolkovnigining vafot etganini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар