Koronavirusga chalingani tasdiqlangan Sergeli IIO FMB podpolkovnigi vafot etdi

Koronavirusga chalingan yana bir ichki ishlar organi xodimi 12-iyul, yakshanba kuni vafot etgan. Bu haqda ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov “TezNews”ga ma’lum qildi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

“IIV rahbariyati va shaxsiy tarkibi Toshkent shahar Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash guruhi katta mutaxassis-muhandisi podpolkovnik Abdulaziz Abduvahobovich Toshevning vafoti munosabati bilan marhumning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, — deydi IIV matbuot xizmati 16-iyul kuni e’lon qilingan ta’ziyanomada.

Ma’lum qilinishicha, podpolkovnik Abdulaziz Toshev boshqa kasallikdan davolanish maqsadida kasalxonaga yotqizilgan, u davolanish davomida koronavirusga ham test topshirgan va test musbat natija bergan. Podpolkovnik Toshev 15-iyul kuni 42 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

Avvalroq, 13-va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha koronavirusga chalingani tasdiqlangan jami to‘rt nafar ichki ishlar organlari xodimi vafot etgan (birinchi o‘lim holati haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q).

Ma’lumot uchun, 16-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 787 nafarga yetgan. Bemorlarning 8 655 nafari sog‘aygan. Vafot etganlar 73 nafarni tashkil etadi.

Янгиликлар