Andijonda fuqaroni urib, mashinasidan 500 dollar, 60 ming so‘m olganlikda gumon qilinib, 4 kishi qo‘lga olindi
Andijonda fuqaroni urib, avtomashinasidan pullarini talon-toroj qilganlar ushlandi. Bu haqida Tergov departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro S.I. va Z.A. 6-iyul kuni soat 23:00 da, “Captiva”da Bog‘ishamol dahasidan Andijon shahriga ketayotgan vaqtda, “Matiz”dagi 4 kishi ularning mashinasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Ammo jabrlanuvchilar mashinani to‘xtatmasdan, “Andijon-Asaka” yo‘nalishida harakatlanib, Andijon tuman “Teraktagi” mahallasi hududiga yetgan vaqtida “Matiz”dagi shaxslar ularni ta’qib qilib kelgan. Ularni yo‘lni chetida to‘xtatib, urib, avtomashina ichidan 500 AQSh dollari va 60 ming so‘m miqdoridagi pullarini olib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 29 yoshli D.O., 32 yoshli Q.Sh., 24 yoshli R.S. va A.N.lar sodir etganligi aniqlanib, hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, “Matiz” rusumli avtomashina jarima maydoniga olib kirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha gumondorlar jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Sergelida kam ta’minlanganlarga ajratilgan 95,8 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilinganligi aniqlangani haqida xabar berilgan edi.