Buxoroda ta’lim muassasalari yotoqxonalarida COVID-19 bemorlari uchun 2050 ta zaxira o‘rni tayyorlandi (foto)
Buxoroda ta’lim muassasalarida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar uchun 2050 ta zaxira o‘rni tashkil etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda talab va ehtiyojning oshganini inobatga olib, Buxoro muhandislik texnologiya instituti talabalar turarjoyida 250 ta, Buxoro davlat universiteti talabalar turarjoyida 1500 ta, Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey talabalar turarjoyida 150 ta o‘rin hozirlangan. Undan tashqari, Buxoro shahridagi “Semurg‘” sport majmuasida 225 ta hamda “Yoshlik” sport majmuasida 250 ta o‘rinlar yaratilgan.
Viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat tahlilini va nazoratini amalga oshiruvchi axborot-tahlil ishchi guruhi tomonidan zarur choralar ko‘rishga harakat qilinmoqda.
“Shu kungacha COVID-19 kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, kardiologiya va onkologiya dispanserlari kabi statsionar tibbiyot muassasalari bilan birga viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri, viloyat fiziatriya va pulmonologiya markazi, shuningdek, Buxoro shahar tibbiyot birlashmasida 1800 ga yaqin o‘rinlar hozirlangan edi’, — deydi matbuot kotibi Olim Jo‘rayev.
Avvalroq Samarqandda koronavirus bemorlarini davolash uchun 1080 o‘rinli shifoxona qurilishi boshlangani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Farg‘onada koronavirus bemorlari uchun 12 600 ta zaxira joy tayyorlanganini ma’lum qilgan.