Samarqandda koronavirus bemorlarini davolash uchun 1080 o‘rinli shifoxona qurilishi boshlandi
Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati majmuasida COVID-19 tashxisi qo‘yilgan bemorlarni davolash uchun maxsus shifoxona tashkil etilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, shifoxona qurilishida 200 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Shifoxona 1080 o‘ringa mo‘ljallangan. Qurilish-montaj ishlari yakunlanganidan so‘ng uch kun ichida shifoxona foydalanishga topshiriladi.
“Bo‘limlar yengil konstruksiyalardan qurilgan bo‘lib, har bir mini palatada 2 ta krovat va zarur jihozlar joylashtiriladi. Shifoxonaga sun’iy nafas berish uskunasi va kislorod ballonlari kabi tibbiy uskunalarning o‘rnatilishi belgilangan. Ayni paytda mini palatalarga kislorod yetkazib berish uchun maxsus kislorod o‘tkazishga moslashgan quvur va jihozlar o‘rnatilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga shifoxonada yuvinish xonalari tashkil etilayotgani, bu uchun bino qo‘shimcha kanalizatsiya tarmog‘iga ulanayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun dam olish xonalari va mehmonxonalar tashkil etilmoqda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev hokimliklarga intensiv va reanimatsiya o‘rinlarini ko‘paytirish vazifasini qo‘ygan edi.
Keyinchalik, Samarqand viloyati hokimi hokimi viloyatdagi shifokorlar uch oylab uyiga bormay, koronavirus bemorlarini davolayotgani haqida gapirgan edi.
Shuningdek, Narpayda tez tibbiy yordam bo‘limlariga 5 ta “Damas” topshirilgani xabar qilindi.