Samarqand hokimi viloyatdagi shifokorlar uch oylab uyiga bormay, koronavirus bemorlarini davolayotgani haqida gapirdi

Samarqand viloyatida uch oydan buyon uyiga bormasdan, koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan shifokorlar bor. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Hokimning ma’lumot berishicha, ana shunday shifokorlardan biri — Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Abdusodiq Boymirzayev.

“Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Abdusodiq Boymirzayev uch oydan buyon uyiga bormasdan, bemorlarga shifo ulashmoqda. Buni fidoyilikning yorqin namunasi, deb bilaman. Fursatdan foydalanib, barcha shifokorlarga yana bir karra chuqur minnatdorchilik bildiraman. Xalqimiz ham sizlardan minnatdor. Albatta, tushunib-tushunmasdan tibbiyot xodimlariga tosh otayotganlar uchrab turibdi. Bular ham o‘tkinchi. Ulardan ham xafa bo‘lmang. Siz bugun xalqimizning dardiga malham bo‘lyapsiz, azizlar. Biz sizdan minnatdormiz”, — deydi viloyat hokimi.

Uning ta’kidlashicha, shifokorlarga zarur sharoit yaratib berilmasa-da, ular bor imkoniyatdan ham unumli foydalanmoqda.

“Oldin ham aytganman, bugun ham aytaman. Siz bugun mana shu jarayonning, ya’ni front deb aytadigan bo‘lsak, uning oldi qatorida turibsiz. Koronavirus pandemiyasi insoniyatni tiz cho‘ktirdi. Eng rivojlangan davlatlar, Yevropa tibbiyoti ham koronavirus pandemiyasi zarbasiga dosh berolmasdan silkinib oldi, ko‘plab kamchiliklarga duchor bo‘ldi. Albatta bizning tibbiyotimiz ham bundan xoli emas, yetarli kamchiliklar bor. Lekin gap tibbiyot to‘g‘risida emas, gap shifokorlarimiz to‘g‘risida ketyapti. Albatta, shifokorlarimiz haqiqiy mardlik, jasorat namunasi bo‘lmoqda”, — deydi Erkinjon Turdimov.

Viloyat hokimining ma’lum qilishicha, viloyatda COVID-19 bilan bog‘liq murojaatlarini qabul qilish maqsadida 20-apreldan boshlab yo‘lga qo‘yilgan Call-markazga shu kungacha 5 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Shuningdek, 20-iyuldan boshlab markaz 1105 qisqa raqami bilan o‘z faoliyatini qayta boshlagan, operatorlar soni ham 7 nafardan 20 nafarga oshgan. Markazga ilgari kuniga 55—60 ta murojaat bo‘lgan bo‘lsa, hozirda esa 500 dan ortiq murojaat tushmoqda. Ushbu murojaatlarning 60 foizga yaqini tez tibbiy yordamga muhtojligi sababli 103 qisqa raqamiga yo‘naltirilmoqda. Qolaversa, 1105 bilan 103 raqamining bir-biriga aloqasi ham tiklanib, markazga kelib tushgan murojaatlarga Samarqand tibbiyot institutining yetakchi mutaxassislari, psixologlari va volontyor talabalar guruhi kecha-yu kunduz javob bermoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, markaz qoshida onlayn poliklinika faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, infeksionist, umumiy amaliyot shifokorlari, reanimatolog va tor soha mutaxassislari o‘zlarining foydali maslahatlarini berib kelmoqda.

Hokimning aytishicha, 103 ga ayni kunda kuniga 3200 tagacha qo‘ng‘iroq bo‘lmoqda. 26-iyul kuni 3248 ta murojaat bo‘lgan bo‘lsa, shundan 780 tasi Samarqand shahri aholisidan tushgan. Iyul oyi boshida viloyatda tez yordam mashinalari soni 280 tani tashkil qilgan. Ayni kunga kelib esa ularning soni 363 taga yetkazilgan. Brifingdan bir hafta oldin 83 ta “Damas” sotib olingan. Jizzax shahridagi “Volkswagen” zavodida ishlab chiqarilayotgan tez yordam mashinalaridan 10 tasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shuningdek, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasining barcha tuman va shahar bo‘limlari ham “Damas” bilan ta’minlangan.

Avvalroq brifingda Samarqand hokimi viloyatda koronavirus bemorlari uchun 4 milliard so‘mlik dori-darmon zaxirasi yaratilganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u 19-iyul kuni viloyat ahliga murojaat qilib, koronavirusga chalingan bemorlarning uyiga vrach bormasligini aytgan. 

Янгиликлар