“Koronavirusga chalingan bemorlarning uyiga vrach bormaydi” — Erkin Turdimov Samarqand ahliga murojaat qildi

Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov 19-iyul kuni samarqandliklarga murojaat qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Turdimovning ma’lum qilishicha, Samarqandda epidemiologik vaziyat izdan chiqqan. Ayni paytda nafaqat odamlar, balki tizim ham shoshib qolgan.

“Yana bir narsani aytishim kerak, hamma uyimizga vrach kelsin deydi. Vrach uyga bormaydi! Agar koronavirus alomatlari kuzatilayotgan bemorning yoniga vrach boradigan bo‘lsa, biz vrachlarni yo‘qotib qo‘yamiz. Shuning uchun isitmasi ko‘tarilgan, COVID-19 belgilari bo‘lgan bemorlarni ko‘rish uchun shifokor bormaydi. Agar biz har bir qo‘ng‘iroq ortidan vrachlarni jo‘natadigan bo‘lsak, ertaga nima bo‘ladi? Shifokorlar kasal bo‘ladi.

Vrachlar bugun bizning oltin fondimizga aylanishi kerak. Biz ularni asrab-avaylashimiz, e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Bugun tibbiyot sohasida kadrlar yetishmayapti. Hech qaysi shifokor ko‘chada ish izlab yurgani yo‘q. Shuning uchun ham biz ularni asrashimiz lozim.

Ularni yomon deyish oson. Ha, albatta, tizimda bir-ikkita yomon kadrlar bor, ammo bu butun boshli tibbiyot sohasi yomon degani emas-ku. 99 foiz vrachlarimiz o‘z ishini a’lo darajada bajarmoqda. Men ularning ishini kuzatyapman, gaplashyapman. Uyda o‘tirib, baho berish juda oson. Bugun bizning hayotimiz COVID-19’ga qarshi urushga aylandi, shifokorlar esa bu jangning oldingi safida harakat qilmoqda. Shuning uchun men tibbiyot xodimlarga rahmat aytmoqchiman”

Erkin Turdimov, Samarqand viloyati hokimi

Avvalroq Samarqandda ona og‘ir ahvoldagi farzandiga yordam so‘rab, viloyat hokimiga murojaat qilgani haqda xabar berilgandi. Videoda ona 27 yoshli farzandining isitmasi ko‘tarilib, nafas olishi qiyinlashayotgani va tez yordamga qo‘ng‘iroq qilsa-da, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani haqda gapirgan.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev hamda Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov fuqarolarga murojaat qilib, viloyatlarda koronavirusga qarshi kurash uchun yetarli dori-darmon va zaxira o‘rin-joylari mavjudligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 25-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 19 653 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 472 kishi sog‘aygan, 9074 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар