Samarqandda ona og‘ir ahvoldagi farzandiga yordam so‘rab, viloyat hokimiga murojaat qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda farzandining ahvoli og‘irlashgani va o‘g‘liga hech qanday yordam ko‘rsatilmayotganidan shikoyat qilgan onaning Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga videomurojaati tarqaldi. Vaziyatni o‘rgangan mutasaddilar holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Skrin: Video

Videoda ona 27 yoshli farzandining isitmasi ko‘tarilib, nafas olishi qiyinlashayotgani va tez yordamga qo‘ng‘iroq qilsa-da, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani haqida gapirgan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilinganda ushbu fuqaro Samarqand shahrida yashashi va ayni paytda bemor A.M. viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, davolanayotganini ma’lum qilishgan.

“10-iyuldan boshlab bemorning tana harorati 38 gradusgacha ko‘tarilgan va uy sharoitida davolangan. Lekin jarayon poliklinika bo‘lim boshlig‘i tomonidan nazorat qilib borilgan. 13-iyul kuni bemor poliklinikada tuzilgan vrachlar guruhi tomonidan ko‘rilgan”, — deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bemorning umumiy ahvoli to‘g‘ri baholanib, statsionarga yotqizilgan va hozirda uning umumiy holati yaxshilangan.

Ma’lumot uchun, 17-iyul holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida infeksiya qayd etilgan bemorlarning 559 nafari sog‘aygan.

Avvalroq Samarqandda yana 20 kishida koronavirus qayd etilgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар