Buxoro viloyati hokimi: “Viloyatda 10 ming bemorga yetadigan 49 turdagi dori vositalari zaxirasi shakllantirildi”

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov 19-iyul kuni buxoroliklarga murojaat qildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, ayni vaqtda viloyatda jami 5262 nafar fuqaro karantinga olingan. Bemorlarni statsionar sharoitda davolash maqsadida qator tibbiyot muassasalarida jami 930 ta o‘rin mobilizatsiya qilingan. Viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri, ftiziatriya va pulmonologiya markazi va Buxoro shahar tibbiyot birlashmasida jami 300 ta o‘rin tayyorlangan.

“Viloyatda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun 10 ming bemorga yetadigan, umumiy qiymati 5 milliard 200 million so‘mlik 49 turdagi dori vositalari zaxirasi shakllantirildi. Mavjud tibbiyot muassasalarini kerakli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida bir oyda 9 milliard 500 million so‘m (3 ming nafar bemorni davolash uchun) mablag‘ talab etilishini inobatga olgan holda, viloyatda 3 oylik dori vositalari zaxirasini yaratish maqsadida zarur choralar ko‘rilmoqda”, — deydi Karim Kamolov.

Viloyat hokimining ma’lum qilishicha, tez tibbiy yordam chaqiruvlarida aloqa va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun qator choralar ko‘rilib, 103 xizmatining chaqiriqlarga uzluksiz va o‘z vaqtida javob berishi kafolatlanmoqda.

Shu maqsadda viloyatda 223-40-45 raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ayni paytgacha 1119 ta murojaat qabul qilingan va aholiga zarur tibbiy maslahat berilgan. Ayni paytda hududda 153 ta tez tibbiy yordam brigadasi va 15 ta maxsus reanimatsion brigada faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, viloyatda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va soliq idoralarida tuzilgan doimiy ishchi guruhlar tomonidan dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida narxlarni asossiz ravishda oshirganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilayotgani ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, Buxoroda iyul oyida non mahsulotlari narxi oshishining oldini olish maqsadida 532 ta korxona 7254 tonna un mahsuloti bilan ta’minlangan. Jumladan, 240 ta qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonaga 2831 tonna, 284 ta chakana savdo korxonasiga 4386 tonna va 8 ta makaron ishlab chiqaruvchi korxonaga 37 tonna un yetkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, 16-iyul kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham viloyat fuqarolariga murojaat qilgan. Uning ta’kidlashicha, viloyatda koronavirusga qarshi qo‘llanadigan 49 xil dori-darmonning 3 oylik zaxirasi mavjud.

Ma’lumot uchun, Buxoroda 20-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan og‘rigan bemorlar soni 633 nafarga yetgan. Ulardan 544 nafari, ya’ni 85 foizi kasallikdan to‘liq sog‘aygan. 4 nafar fuqaro vafot etgan. Davolanayotgan bemorlardan 4 nafarining ahvoli og‘ir, 8 nafari o‘rta og‘ir holatda.

Янгиликлар