Shuhrat Abdurahmonov: “Mening qo‘limda koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmon vositalari 3 oylik zaxirasining kaliti turibdi”
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 16-iyul kuni andijonliklarga murojaat qildi.
Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda koronavirusga qarshi dori-darmon vositalari bilan bog‘liq hech qanday muammo mavjud emas.
“Men bugun hurmatli hamyurtlarimizga viloyat rahbari sifatida murojaat qilyapman. Andijonda ayni paytda koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmonlar bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Yana bir marta takrorlayapman, hech qanday yetishmovchilik yoki mana bu dori bormi-yo‘qmi degan savolga o‘rin yo‘q. Men ommaviy axborot vositalaridan iltimos qilaman, joylarda mana shu dorilar borligini xalqimizga ko‘rsatinglar. Mening qo‘limda koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmon vositalari 3 oylik zaxirasining kaliti turibdi”, — deydi Shuhratbek Abdurahmonov.
Avvalroq Shuhrat Abdurahmonov koronavirus masalasida Andijon ahliga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda kelgan savollarga javob bergani haqda xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 18-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 16 068 nafarga yetdi. Ayni paytga qadar O‘zbekistonda 9003 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Hozirda 6984 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.