Jizzax va Samarqand poligonlarida muddatli harbiy xizmatchilar uchun jangovar texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi (foto)
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat burchini boshlagan muddatli harbiy xizmatchilar uchun Jizzax viloyatidagi “Forish” va Samarqanddagi “Sazagan” dala-o‘quv maydonlarida jangovar texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Bu haqda okrug matbuot xizmati “TezNews”ga ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, xizmatga chaqirilgan askarlar ko‘rgazmali va amaliy mashg‘ulotlar oldidan okrug qo‘shinlaridagi mavjud zamonaviy texnikalar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirilgan.
Shundan so‘ng muddatli harbiy xizmatchilarga otish tayyorgarligining nazariy va amaliy jihatlari yana bir bor tushuntirildi. Poligonda ilk bor askarlar shtatdagi AK-74 qurollaridan yotgan holda 100 metr uzoqlikdagi nishonga qarata o‘q otdi.
Ma’lumot o‘rnida, 12-iyul kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga yangi chaqirilgan askarlar uchun “Vatanga Qasamyod” tadbirlari o‘tkaziladi. Karantin sababli ularning yaqinlari tadbirda ishtirok etmaydi.