Markaziy bank xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari yana jonlanganini ma’lum qildi
O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2020-yil iyun oyidan qayta tiklana boshladi, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, iyun oyi oxirida O‘zbekistonga 621 million dollar jo‘natilgan bo‘lib, bu butun yil uchun eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Xususan, yanvarda 400 million dollar jo‘natilgan bo‘lsa, fevral oyida pul o‘tkazmalari hajmi 385 million dollarni tashkil qilgan.
Shuningdek, o‘tkazmalar hajmi mart oyida 296 million dollarga, aprelda esa 250 million dollargacha pasaygan. Ammo may oyi boshida mamlakatga 485 million dollar miqdorida pul jo‘natilgan.
Umuman olganda, yil boshidan buyon 2,4 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘tkazilgan, mart-aprel oylaridagi pasayish tufayli bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga kamaygan.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatlarini belgilagani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 10 194,96 so‘m, yevro kursi esa 11 518, 27 so‘mni tashkil etgan.