Qurbon hayiti namozi ado etilmaydi. Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashining bayramga doir fatvosi e’lon qilindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi 25-iyul kuni karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi Islom dini manbalari, Respublika maxsus komissiyasi xulosalari va tibbiyot mutaxassislari tavsiyalariga tayangan holda 2020-yilgi pandemiya sharoitida Qurbon hayiti — Iydul adha namozini o‘qish mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘lishini ma’lum qilgan.
Qurbon hayiti kuni mo‘min-musulmonlarga o‘z xonadonlarida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin to‘rt rakatli nafl namozi o‘qish tavsiya etiladi.
“Qurbon hayiti kuni imkoni bor yurtdoshlarimiz bomdod namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilishlari tavsiya etiladi. Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi kambag‘al va muhtojlarga tarqatish, qolganini oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi.
Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo‘ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma’raka-marosimlarni o‘tkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanishni so‘raymiz. Xonadonda, oila-a’zolari bilan birga Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlarimiz ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz”, — deyiladi Ulamolar kengashi xabarida.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabriklagani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, arafa kuni Qur’on va duo kechasi televideniye orqali namoyish etilishi ma’lum qilingan.