Rossiyada bir sutkada 6 422, Qozog‘istonda esa 1 759 kishida koronavirus aniqlandi
Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda 15-iyul soat mahalliy vaqt bilan 13:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 63 514 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 38 008 nafari to‘liq sog‘aygan, 375 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1 759 ta yangi holat qayd etilgan.
Avvalroq Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘planib turgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelinishi haqida xabar berilgandi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonda 15-iyul soat mahalliy vaqt bilan 13:30 holatiga ko’ra, 11 977 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 3 660 nafari sog‘ayib, 160 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 9 157 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 4,31 foizga yoki 337 kishiga ko‘paygan.
Avvalroq Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Chubak hoji Jalilov vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u pnevmoniyaga chalingan.
Tojikiston
Tojikistonda 15-iyul soat mahalliy vaqt bilan 13:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6 643 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5 332 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 56 nafari vafot etgan.
Avvalroq Tojikistonda pandemiya sabab qiyin ahvolga tushib qolgan aholi qatlamiga bir martalik yordam puli tarqatilishi ma’lum qilingandi.
Turkmaniston
Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmaniston poytaxtida tibbiy niqob narxi bir haftada 14 baravarga oshgani xabar qilingandi.
Qayd etilishicha, bir hafta avval niqoblarning beshtasi 2,5 manat (0,7 dollar)dan sotilgan bo‘lsa, chorshanba, 8-iyuldan boshlab birgina niqobning narxi 7 manat (2 dollar)ni tashkil etgan. 7-iyul kuni esa davlatga qarashli “Neytral Turkmaniston” gazetasi Sog‘liqni saqlash vazirligining havoda chang va zararli moddalarning ko‘paygani sababli xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishchilar niqob taqishi kerakligi haqidagi xabarini e’lon qilgan.
Rossiya
Rossiyada 15-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 13:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 746 369 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 523 249 nafari sog‘aygan, 11 770 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 6 422 ta yangi holat aniqlangan.