Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Amur viloyatidagi zavodda ishchilar uyushtirgan norozilik bo‘yicha ma’lumot berdi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi 2020-yilning 13-iyul kuni Amur viloyati Svobodniy tumanidagi O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan hodisani nazoratga oldi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi.

Rossiyaning Amur viloyatida gazni qayta ishlash zavodi qurilishini amalga oshirayotgan “Renessans Xevi Indastris” kompaniyasi ishchilari uch oy davomida maosh olmaganligi sababli isyon ko‘targan. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan.

Bir guruh ishchilar kompaniya ofisi eshiklarni tepib, texnikalarni sindirgan. Keyinchalik ushbu tartibsizlikni politsiya bartaraf etgan. Quruvchilar tarqatib yuborilgan va eng ashaddiy janjal ko‘targanlar hibsga olingan.

Elchixona axborotiga ko‘ra, yuqoridagi vaziyat bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlari bilan muntazam muloqot olib borilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan hodisa tafsilotlarini aniqlash hamda O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash maqsadida voqea joyiga elchixona bosh konsuli yetib borgan.

Elchixona rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda mojaroni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni o‘rganish, muammoning barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan yechimni topish bo‘yicha ish jarayoni va natijalari haqida qo‘shimcha axborot beradi, deyiladi elchixona xabarida.

Янгиликлар