Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan 50 yoshli erkak vafot etdi
Toshkent viloyati Bekobod tumanida koronavirusga chalingan fuqaro o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqida sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bekobod tumanida shahrida yashagan 50 yoshli Z.R.da 8-iyul kunidan boshlab tana harorati ko‘tarilib, nafas yetishmovchiligi, yo‘tal bilan uyida ambulator sharoitida davolanib yurgan. 16-iyul kuni esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiyalar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.
Avvalroq O‘zbekistonda buyum bozorlari, sport zallari va viloyatlararo qatnovga qo‘yilgan cheklov o‘z kuchida qolgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, mamlakatda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirildi.