O‘zbekistonda buyum bozorlari, sport zallari va viloyatlararo qatnovga qo‘yilgan cheklov o‘z kuchida qoldi — Respublika maxsus komissiyasi

O‘zbekistonda karantin tartibi uzaytirilishi munosabati bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar uzaytirildi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasiga tayanib, “Koronavirus Info” Telegram kanali xabar berdi.

Quyidagi faoliyat turlari 15-avgustga qadar to‘xtatiladi:

  • parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar;
  • buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar;
  • sport zallari, fitnes klub, trenajer, basseynlar;
  • umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona);
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar;
  • sanatoriylar (koronovirus infeksiyasidan davolangan va reabilitatsiya o‘tayotgan bemorlarga tibbiy yordam tashkil etiladigan sanatoriylardan tashqari), pansionatlar, bolalar oromgohlari, xostellar, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;
  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalari, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov — Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno).

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirgani xabar qilingandi. Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Fuqarolarga to‘y, oilaviy marosimlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazmaslik, jamoat joylarida, ko‘cha, maydon va mahallalarda uch kishidan ortiq to‘planmaslik tavsiya etildi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 26-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 20 226 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 831 kishi sog‘aygan, 9283 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.