Qashqadaryoda qo‘shnisi bilan yer talashib o‘zini o‘zi yoqib yuborgan ayol vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda yerini qo‘shnilari noqonuniy olib qo‘yganiga norozilik bildirgan 43 yashar Yakkabog‘lik ayol o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 26-iyun kuni Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga Yakkabog‘ tumani “Oqtosh” MFY, Bog‘zor ko‘chasida yashovchi fuqaro M.Abdiazizova kuyish tana jarohatlari bilan olib kelingan. Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Fuqaro M.Abdiazizova qo‘shnisi P.Qodirov va E.Pardayevlar bilan yer masalasida o‘zaro janjallashib kelgani sababli, joriy yilining 26-iyun kuni fuqaro E.Pardayevning “Oqtosh” MFY raisiga qilgan murojaati asosida mahalla raisi Q.Kenjayev, “Yer-mulk kadastr” DK Yakkabog‘ tumani filiali mutaxassisi B.Xushmurodov va tuman IIB profilaktika inspektori M.Egamberdiyevlar nizoli yer uchastkasiga kelishib, ulardan yerga oid hujjatlari so‘rashganida, M.Abdiazizova yashash uyi hovlisiga kirib, ustiga benzin sepib chiqib, qo‘lidagi gugurt bilan o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan, deyiladi rasmiy bayonotda.

Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasining ma’lumotnomasida, fuqaro M.Abdiazizovaning olgan tan jarohati tananing alangadan 96 foiz, III-IV darajali kuyish ko‘rinishida ekanligi ko‘rsatilgan. M.Abdiazizovaga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan u 27-iyun kuni vafot etgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Янгиликлар