O‘zbekistonda bemorlarga retsept yozishda dori vositalarining savdo nomini yozish taqiqlandi

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha retseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: “Norma”

“Norma”ning yozishicha, barcha tibbiyot tashkilotlarida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom boʻyicha retsept yozilishi tartibi joriy etiladi.

Tibbiyot tashkilotining davolovchi shifokori tomonidan tayinlangan retseptda dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi, tarkibi, shakli uni tayyorlash va berish haqidagi yozma koʻrsatmasi lotin tilida, dori vositalarini qoʻllash usuli esa davlat tilida koʻrsatilishi shart. Zarur hollarda retsept malakali tarjimani taʼminlagan holda bemor tushunadigan boshqa tilda yozilishi mumkin.

Quyidagi hollarda bemorga tayinlangan dori vositalarining asosliligi tibbiyot tashkilotlarining boʻlim mudiri yoki navbatchi shifokori yoxud klinik farmakologi bilan kelishilishi lozim:

  • bemorga bir vaqtning oʻzida besh va undan ortiq dori vositalari (dori vositalarining turidan qatʼi nazar) tayinlanganda;
  • asosiy kasallikning asoratlari yoki hamroh kasalliklari mavjud boʻlganda.
  • Davolovchi shifokor tomonidan quyidagi holatlarda dori vositalariga retsept rasmiylashtirilishi taqiqlanadi:
  • mijozning tibbiy koʻrsatmasi boʻlmagan holatlarda;
  • Oʻzbekistonda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan dori vositalariga (orfan dori vositalari bundan mustasno);
  • faqat tibbiyot tashkilotlarida qoʻllashga moʻljallangan dori vositalari, shu jumladan narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori vositalariga.

Nizom talablari dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifalariga hamda tarkibida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, prekursorlar va zaharli moddalar boʻlgan dori vositalarini bemorga tayinlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Янгиликлар