O’zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 40 nafarga yetdi

Navoiyda koronavirusga chalingan 38 yoshli erkak X.Sh vafot etdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2-iyul COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan. Bemor shu kunning oʻzida Navoiy viloyat bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi ogʻir kechishi tashxisi qoʻyilgan. Kasallik ikki tomonlama zotiljam, nafas yetishmovchiligining 1-2-darajasi asorati bilan kechgan.

Bundan tashqari bemorda gipertoniya 3-daraja, arterial gipertenziya, semizlikning 1-darajasi kabi hamroh kasalliklari boʻlgan. Shuningdek, bemor 2019-yildan buyon gipertoniya kasalligi bilan nazoratda turgan.

6-iyul kuni bemorning ahvoli oʻta ogʻirlashgan hamda mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilinib, davolash jarayoni tegishli mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Ammo shunga qaramasdan bemorning ahvoli keskin ogʻirlashgan. Reanimatsiya boʻlimi mutaxassislari tomonidan toʻliq hajmda, standart asosida oʻtkazilgan reanimatsion choralar samara bermagan va u vafot etgan. Oʻlimga oʻtkir yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi, oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Avvalroq Toshkentda 79 yoshli erkak koronavirusdan vafot etib, mamlakatda virus qurbonlari soni 39 nafarga yetgani xabar berilgan edi. Endi esa qurbonlar soni 40 nafarga yetdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bermorlar soni 7-iyul soat 17:30 holatiga ko‘ra 10 587 nafarni tashkil qilmoqda. Shundan 6 690 nafari sog‘aygan.

O‘zbekistonga koronavirusga chalingan bemorlarni tashish uchun xorijdan maxsus reanimobillar olib kelindi.

Янгиликлар