Andijonda “mas’uliyatsiz” rahbarlarning ko‘ksiga qizil nishon taqiladi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov rahbarlarning ishdagi natijalariga qarab ularni qizil va ko‘k rangli ko‘krak nishon bilan baholash tizimini yo‘lga qo‘ydi.

Foto: auz.uz

Ma’lum qilinishicha, bunday tadbirlar dushanba kunlari o‘tkaziladigan hokimlik soatida aniqlanadi. Xatolarga yo‘l qo‘ygan shahar, tuman yoki tashkilot rahbarlarining ko‘ksiga shu yerning o‘zida qizil rangli nishon taqiladi. Topshiriqni yaxshi bajarganlarga esa ko‘k rangli nishon topshiriladi.

Foto: auz.uz

Xabarda keltirilishicha, ushbu tizim 6-iyul, dushanba kuni hokimlik soati payti amaliyotda ilk bor qo‘llangan. “Mas’uliyatsiz rahbar” nishonini olish bo‘yicha Ulug‘nor, Oltinko‘l tumanlarining hokimlari Doniyorbek Maxsudov va Nazirjon O‘rinboyev “peshqadam” bo‘lishgan. Tashkilotlar orasida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Zufarbek Yuldashev va viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi rahbari Dilmurod Nabiyevga ham qizil nishon berilgan.

Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarovga uchta yo‘nalish bo‘yicha qo‘lga kiritgan ko‘rsatkichlari uchun uch marta ko‘k rangli nishon topshirilgan. Marhamat va Xo‘jaobod tumanlari hokimlari Boburjon Yuldashev va Otabek Rasulov esa ikki marta ko‘k rangli nishonni qo‘lga kiritganlar. Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshlig‘i Elyor Usmonovga ham ikki bor “Mas’uliyatli rahbar” nishoni berilgan.

Shuningdek, uch hafta davomida qatorasiga qizil nishonga loyiq ko‘rilgan rahbar masalasi alohida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.

Янгиликлар