O‘zbekistonda koronavirusdan 41-o‘lim qayd etildi

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 64 yoshli ayol M.X. 1-iyul kuni qorinda va chap ko‘krak sohasida og‘riqlar kuchayganligi sababli Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yotqizilgan. U postxolesistektomik sindrom, o‘tkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi bilan davolangan. Bu haqida haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Bemorda nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli 3-iyul kuni reanimasiya bo‘limiga o‘tkazilgan va koronavirus infeksiyasiga namuna olingan.

Unga COVID-19, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindrom, postxolesistektomik sindrom, o‘tkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi qo‘yilgan.

Oqibatda, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda 6 811 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. 3 986 nafari davolanmoqda. Ulardan 24 nafari og‘ir, 13 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.