O‘zbekistonda Xitoy tomonidan yuborilayotgan testlardan koronavirus yuqayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

AOKA huzuridagi shtabda bugun, 13-iyul kuni Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda Nurmat Otabekov Xitoy tomonidan yuborilgan testlardan odamlarga koronavirus yuqayotganligi haqidagi savolga javob berdi.

“Birinchidan, test sistemasi virusga o‘ta sezuvchan reaktiv bo‘lib, reaktivga virusni joylashtirib bo‘lmaydi. Shuning uchun xitoyliklar yuborgan testlardan koronavirus yuqayotganligi haqidagi gaplar asossiz, shunchaki internet olamidagi yolg‘onlardan biri“, — deydi Otabekov.

Ma’lum qilinishicha, test sistemalaridan kasallik yuqmaydi, biroq ba’zi hollarda ushbu testlarning sezgirligi past bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda kasallik yuqmagan taqdirda ham, kasalligi borlarga “manfiy”, kasalligi yo‘qlarga “musbat” degan javob berilishi ehtimoli bor. Shuning uchun amaliyotda qo‘llanilishidan avval barcha testlar sezgirlik nuqtayi nazaridan tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Avvalroq Nurmat Otabekov O‘zbekistonda kasallanganlar to‘g‘risidagi statistika kamaytirib ko‘rsatilgani yo‘qligini bildirgandi.