Toshkentda 61 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 65 nafarga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan bemor surunkali kasalliklar sabab vafot etdi. Bu haqda Sog’liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi, 61 yoshli erkak F.A. 10 kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, yo‘tal, hansirash belgilari bilan uyida davolangan. Ammo davo muolajalari natija bermagandan so‘ng COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.

Bemor 13-iyul kuni o‘ta og‘ir ahvolda Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, u qandli diabet, yurak ishemik kasalliggi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar va buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyul kuni O‘zbekistonning 4 ta hududida koronavirusga chalingan 44 kishi sog‘aygan. Mamlakatda tuzalganlar soni 8074 nafarga yetgan.

Avvalroq 14-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 281 nafarga oshib, 13 872 kishini tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар