Rossiyada virus qurbonlari soni 12 mingdan oshdi. Qozog‘iztonda bir sutkada 1808 kishida koronavirus aniqlandi

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Nur.kz”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 18-iyul soat mahalliy vaqt bilan 14:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 68 703 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 42 388 nafari to‘liq sog‘aygan, 375 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1808 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Qozog‘iston koronavirus va pnevmoniya statistikasini birlashtirishga qaror qilgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 18-iyul soat mahalliy vaqt bilan 14:30 holatiga ko’ra, 25 047 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 7237 nafari sog‘ayib, 858 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 16 952 kishi koronavirusdan davolanmoqda.

Avvalroq Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasining Bishkek shahar kengashi raisi Ermek Usubaliyev koronavirusga chalingani sababli deputatlik lavozimidan iste’foga chiqqani xabar qilingandi.

Foto: “Asia-plus”

Tojikiston

Tojikistonda 18-iyul soat mahalliy vaqt bilan 14:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6786 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5483 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 56 nafari vafot etgan.

Avvalroq Tojikiston prezidenti yordamga muhtoj fuqarolarga bir martalik yordam puli berish bo‘yicha qarorni imzolagani ma’lum qilingandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

Shuningdek, Turkmaniston Mehnat vazirligi tashkilotlarga xavf guruhidagi ishchilarni mehnat ta’tiliga yuborishni tavsiya qilgan.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiya

Rossiyada 18-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 14:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 765 437 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 546 863 nafari sog‘aygan, 12 247 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 6234 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар