Behzod Musayev: “Pulini ololmay qolgan tibbiyot xodimlariga to‘lovlar to‘lab beriladi”

Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari qo‘shimcha to‘lovlarni olmayotgani bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha izoh berdi.

Ta’kidlanishicha, shifokorlarning muammolarini eshitish uchun alohida ishonch telefoni liniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

“Koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari har bir davolash davri — 14 kun uchun qo‘shimcha to‘lov sifatida  hamshiralar 5 million, kichik vrach 15 million, vrachlar 25 million so‘m olishi belgilangan edi. Ammo ular qo‘shimcha to‘lovni o‘z vaqtida olmayotgani bo‘yicha qator e’tirozlar bo‘ldi.

Biz bu holatlarning tagiga yetdik – ayrim texnik ishlar bor ekan. Koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etgan hech bir tibbiyot xodimi to‘lovsiz qolmaydi. Tibbiyot xodimi istasa, ishni boshlashdan avval to‘lovning 40 foizini oladigan, ishini tugatgandan keyin mehnat haqini to‘liq qo‘liga olishini ta’minlaydigan tizim yaratiladi.

Shuningdek, xodim pulni plastik kartadan olishida muammolar bo‘lmasligi uchun to‘lovni naqd pul ko‘rinishida berish masalasi ko‘rilmoqda. Kassir, hisobchi ishga chiqa olmay qolishi, karantin tufayli banklar bilan bog‘lana olmaslik holatlari bo‘lmasligi ta’minlanadi. Buni o‘zim nazoratga olaman.

Avvalambor hozirgacha ishlagan, lekin to‘lovini ololmagan tibbiyot xodimlariga berilmay qolgan to‘lovlar amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha 71 ta holat aniqlangan”, — dedi Behzod Musayev Xalqaro press-klubning koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tahliliga bag‘ishlangan sessiyasida.

Avvalroq, Behzod Musayev va Sog‘liqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta polikinikada yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berilgan edi.

Shuningdek, Behzod Musayev O‘zbekistonda 1-avgustdan karantin muddati surilishi mavjud vaziyatdan kelib chiqib aytilishini ma’lum qilgan edi.