Namanganda Chust do‘ppisi va Chust pichoqlari xalqaro muzeylari tashkil qilinadi

Namangan viloyati Chust tumanida do‘ppido‘zlik madaniyati va pichoqchilik san’atini keng targ‘ib qilish va tumanning turizm salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik prinsiplari asosida Chust do‘ppisi va Chust pichoqlari xalqaro muzeylari tashkil qilinadi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi xabar berdi.

Chust do‘ppisi muzeyi loyihasi
Foto: “Namangantourism.uz”

Qayd etilishicha, hozirda ushbu muzeylarni hamda “Chust oshi” markazini tashkil qilish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilib, tuman markazidan muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan hududdan yer uchastkasini ajratish masalasi hal etilmoqda. Ushbu majmuani barpo etish uchun “Asaka bank” tomonidan imtiyozli kredit ajratiladi.

Muzeylarni turli pavilonlarga ajratgan holda xorijiy mamlakatlar bosh kiyimlari, O‘zbekiston hududidagi turli bosh kiyimlar va pichoqlar, markaziy pavilonda Chust do‘ppisining va pichoqlarining tarixi, tayyorlash jarayoni namoyish etiladi hamda hunarmandchilik mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yiladi.

Chust pichoqlari muzeyi loyihasi
Foto: “Namangantourism.uz”

Shuningdek, muzey atrofida tashrif markazini tashkil qilgan holda kelgan sayyohlarga tumandagi qo‘shimcha tashrif maskanlari (do‘ppido‘zlar va pichoqchi ustalar mahallalari, Mavlono Lutfiy nomli bog‘i, “Bibi ona” va boshqa ziyoratgohlar, “Teshiktosh” va kuzatuv maydoniga ega qoyatoshlar va boshqalar)ning targ‘iboti va ularga sayohatlar uyushtirish choralari ko‘riladi.

Avvalroq Bekzod Hamdamov Namangan viloyati Chust tumanining yangi hokimi etib tayinlangani haqda xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, shu paytga qadar Chust tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Bahodir Oxunov o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Янгиликлар