Nurobod tumani hokimi koronavirusga chalinib, sog‘aygani ma’lum bo‘ldi

Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zairov koronavirusga chalinib, sog‘ayganini ma’lum qildi. Bu haqida tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Nurobod tumani hokimligi

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zairov koronavirusga chalinib, sog‘aygan. U hozirda o‘zini yaxshi his qilayotganini ma’lum qilgan:

“Men koronavirus infeksiyasidan sog‘aydim. Hozir o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Ammo hali ham qayerda kasallikni yuqtirib olganimni tasavvur qila olmayapman. Shuni bildimki, hech kim koronavirusga e’tiborsizlik bilan qaramasligi kerak. Salomatlik va xavfsizlik mutlaq ustuvor vazifadir. Shuning uchun barchamiz karantin qoidalariga qat’iy rioya qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz sog‘lig‘ini asraylik. Birgalikda bu sinovli damlarni yengib o‘tamiz”, — dedi tuman hokimi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi koronavirusga chalingani va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning koronavirus yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi.

Янгиликлар