Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalinganini ma’lum qildi

Adliya vazirining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova qizi, onasi, ukasi, kelini va o‘zining koronavirusga chalinganini ma’lum qildi.

Yarim kun SES eshigida sarg‘ayib, test topshirolmay qaytdim. Zarurmi shu test menga, bo‘ldi, o‘zim uchun qaror qildim, menda katta ehtimol bilan COVID-19.

Kontakt bo‘lgan, haroratim 4-kun 37-37,5 atrofida ushlanib turibdi. Qizim, onam, ukam, kelinim — hammamiz isitmaladik, onam ta’m bilmayaptilar, yo‘talyaptilar. Kelinimda qattiq quruq yo‘tal va 39 darajagacha isitma kuzatildi, menda esa faqat tana qaqshab og‘rishi va isitma. Tez yordam va poliklinika menda COVID-19 bo‘lishi mumkin deb faqat masofadan maslahat beryapti, lekin test yo‘qligi uchun rasman kovid deb tan ham olmayapti. Xullas, betartiblik va tizimsizlik. O‘zing uchun o‘l yetim.

COVID-19’dan davolanaveraman endi. Albatta, mustaqil davolanaman, chunki testsiz birov meni koronavirusdan davolamaydi, test topshirolmayman, demak, yopiq doira.

‘Hurmatli’ Sog‘liqni saqlash vazirligi! Shuncha payt faloncha kasal tuzaldi, deb hisobot berib, shundoq ham tuzalib ketayotgan odamlar bilan statistikangizni boyitdingiz. Yana ularni tantana bilan uyiga kuzatib ajoyib shoular qildingiz. O‘sha paytda resurslaringizni to‘g‘ri taqsimlab, hozir o‘zingiz qo‘llayotgan usulni qilsangiz, ya’ni yoppasiga emas, faqat o‘ta zarur hollarda kasalxonaga COVID-19 bilan zararlanganlarni yotqizsangiz bo‘lmasmidi? Vrachlarni zo‘riqtirmay, boshqa resurslarni ham oqilona taqsimlash bo‘lmasmidi shu. Kecha hammaga, bugun esa hech kimga bo‘lyapti endi.

Bo‘ldi, testlashni ham to‘xtating, baribir bu testlaringiz na real ahvolni ko‘rsatyapti, na kerakli odamlarni qamrab olyapti. Resurs uvol bo‘lyapti va tibbiyot xodimlar riskda qolyapti, xolos.

Undan ko‘ra hozir, aynan shu kunlarda o‘zida koronavirus belgilarini sezganlar qayerga borishi, nima qilishi, o‘zini o‘zi qanday davolashi haqida yo‘riqnoma chiqarib tarqating. Hozir eng keraklisi shu. Chunki aholi u yoqda tursin, tibbiyot hodimlari ham bilmayapti nima qilishni. Internetda aylanib yurgan turli retseptlarni tartibsiz qo‘llashyapti!

Masalan, uch kun avval isitmam chiqqanida poliklinikaga telefon qildim, u tez yordamga qil dedi. Call-sentr ham tez yordamga yo‘naltirdi, tez yordam poliklinikaga, poliklinika yana tez yordamga… Oxiri telefonim ovoz yozyapti,  shikoyat qilaman deganimdan so‘ng uchastka vrachim telefonda dorilarni aytib turdi. Mana ahvol!

Hamma test topshiraman deb, kasal yuqtirib yuribdi bir-biriga va vaqtni ham boy beryapti. Odamlarga hozir, bugun nima qilsa, qayerga murojaat qilsa, to‘g‘ri va xavfsiz bo‘lishini aytish kerak. Aytish uchun o‘zinglar bilasizlarmi bu savollarning javobini?

Shahnoza Soatova, adliya vazirining maslahatchisi

Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib tuzalganini ma’lum qilgan edi.

Янгиликлар