Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalindi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

To‘ra Bobolov
Foto: O‘zA

Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ayni vaqtda Qoraqalpog‘istonda bo‘lib turibdi. U yerda ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etilgan.

Tadbirda Yevropa Anesteziya va intensiv terapiya jamiyatining prezidenti, tibbiyot fanlari doktori, professor Kay Zaxarovskiy, Frankfurt universiteti klinikasining anesteziologiya, intensiv terapiya va shoshilinch tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Xolger Neb ishtirok etgan.

Shuningdek, xorijlik ekspertlar va mahalliy mutaxassislar Toshkent shahrida davolanayotgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov holatini tahlil qilgan. Ayni paytda uning holati stabil deb topilib, olib borilayotgan davolash taktikasi to‘g‘riligi ta’kidlangan.

Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalingan. Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov koronavirusdan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 18-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 16 068 nafarga yetdi. Ayni paytga qadar O‘zbekistonda 9003 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Hozirda 6984 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар