Madaniyat vazirligining yosh xodimi koronavirusdan vafot etdi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘zining Telegram’dagi rasmiy kanalida vazirlikning yosh xodimi koronavirusdan vafot etganini ma’lum qildi.
“Bugun Madaniyat vazirligi jamoasi zahmatkash, yosh xodimlaridan birini yo‘qotganidan chuqur qayg‘uda. Asli Samarqand viloyati Payariq tumanidan bo‘lgan 1988-yilda tug‘ilgan Irisov Akmal Baxtiyorovich olamdan o‘tdi. Ayni paytgacha u Madaniyat vazirligining Iqtisodiy tahlil, moliya va buxgalteriya boshqarmasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shifokorlar tomonidan unga o‘tkir nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya, COVID-19 tashxislari qo‘yilgan. Madaniyat vazirligi tomonidan uning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etib, chuqur hamdardlik bildiramiz”, — deyiladi ta’ziyanomada.
Avvalroq xonanda Kaniza va “Benom” guruhi xonandasi Komil koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqan. Shuningdek, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi.