Xonanda Kaniza koronavirusga chalinganini ma’lum qildi
Xonanda Kaniza koronavirus infeksiyasiga chalindi. Bu haqda uning o‘zi 16-iyul kuni Instagram’dagi sahifasida ma’lum qilgan.
Kanizaning so‘zlariga ko‘ra, uning administratori ham virus yuqtirib olib, hozirda uy sharoitida davolanmoqda.
“Men ham bu kasallikni boshimdan o‘tkazyapman. Yonimda administratorim bor, u ham kasallangan. Uyda o‘zimiz vrachlarning ko‘rsatmalari bilan davolanishga harakat qilyapmiz. Kecha yarim tunda ahvolim yomonlashdi, tinmasdan tez yordamga qo‘ng‘iroq qildik, biroq hech kim javob bermadi. Oxiri majbur bo‘lib, kechasi bezovta qilsam ham, tanish vrachlarimni chaqirtirdim. Sog‘liqni saqlash vazirligi qayerga qarayapti, bilmadim. Shularga yuk bo‘lmaylik deb, o‘zimiz dori-darmoni topib uyda davolanyapmiz. Tez yordamga qo‘ng‘iroq qildik, Call-markazga tushdingiz dedi. 1105 ga telefon qilsak, 1003 ga qiling deydi, xullas, it bitga buyurib yotibdi. Keyin 103 ga tering deyishdi, lekin tez yordam kelmadi. Tinmay qo‘ng‘iroq qilyapmiz, o‘lsang, o‘laverakan”, — deya aytib o‘tgan Kaniza o‘z videosida.
Shuningdek, xonanda videoda tez tibbiy yordam xizmati va Call-markazlari bilan telefon orqali bog‘langanda kerakli yordam ololmaganini ham aytib o‘tgan.
https://www.instagram.com/p/CCvJPFWlMPb/
Avvalroq “Benom” guruhi xonandasi Komil koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqan. Shuningdek, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2020-yil 17-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 15 349 nafarni tashkil etmoqda.
Hozirda 8783 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.
Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 48 yoshli erkak vafot etib, O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 76 taga yetgani haqida xabar berilgandi.