Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlar o‘rtasida kislorod oksigenatorlari ustidagi tortishuv yuzasidan bayonot berdi

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulovning telefon orqali qisqa suhbati ijtmoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ushbu audioyozuv bo‘yicha Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 2020-yilning 17-iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining taqsimotiga asosan 18 dona kislorod oksigenatori qabul qilinib, viloyat bo‘yicha koronavirus tasdiqlangan kasallarni davolovchi shifoxonalarga taqsimlangan. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi koronavirus tasdiqlangan bemorlarni davolovchi shifoxona bo‘lmasa-da, taqsimot bo‘yicha bu muassasaga 3 ta apparat ajratilgan (ma’lumot uchun, avval shifoxonada 3 ta apparat bo‘lgan).

Xabarda aytilishicha, taqsimotdan so‘ng muassasada kislorod oksigenatori soni jami 6 taga yetgan, biroq shifoxona bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva tomonidan Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilinib, boshqarma boshlig‘idan muassasasiga 10 ta apparat berilishi kerakligi talab qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda Guljahon Yo‘ldosheva qo‘ng‘iroq qilgan vaqtda Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari bilan birgalikda apparatlar taqsimoti bilan shug‘ullanayotganligi sababli telefonda bosh shifokorga uning muassasasiga taqsimot orqali 3 ta kislorod oksigenatori ajratilganligi to‘g‘ri ekanligini, bu masala yuzasidan boshqa qo‘ng‘iroq qilmasligini bildirgan.

Shifokor tomonidan bu holat umuman boshqacha talqin qilingan va u rahbarlik qilayotgan muassasaga 10 ta kislorod oksigenatori berilmaganligini bahona qilinib, telefondagi so‘zlashuv audioyozuv shaklida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan, deyiladi matbuot bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 15 ta kislorod oksigenatori mavjud bo‘lib, muassasa koronavirus tasdiqlangan bemorlarni davolovchi shifoxona emasligini inobatga olgan holda, ushbu apparatlarning samarali ishlatilishi boshqarma ma’muriyatida shubha tug‘dirgan.

Bundan tashqari, Guljahon Yo‘ldosheva karantin vaziyatini bahona qilib, o‘zboshimchalik bilan 4 oydan beri bosh shifokor lavozimida onlayn ishlab kelgan. Bayonotda aytilishicha, bu holat bilan u belgilangan mehnat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzmoqda, ya’ni onlayn ishlash uchun ish beruvchi tomonidan unga buyruq chiqarilmagan; ish beruvchi va xodim o‘rtasida masofaviy ishlash davridagi mehnat shartlari kelishib olinmagan; onlayn ishlash ish vaqti va davomiyligi belgilanmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vaziri nomiga Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaning xatti-harakatlari shifokor kasbiga dog‘ tushirayotganligi sababli uning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi yuzasidan xat kiritilgan.

Shuningdek, Chirchiq shahar prokuraturasining 2020-yil 24-iyundagi 20- sonli xatiga asosan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hisobxonasi tomonidan xodimlarga 8 523 300 so‘mlik ish haqi ortiqcha to‘langanligi, shifoxonada dezinfeksiya, deratizasiya, dezinseksiya va yuvish-chayish ishlari uchun xodimlarga 1 236 800 so‘m to‘langanligi aniqlangan.

Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati Sog‘liqni saqlash vazirligining  ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati mutaxassislari tomonidan o‘rganilmoqda.

Янгиликлар