Toshkentda koronavirusga chalingan 82 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda kasallik qurbonlari soni 100 taga yetdi

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 82 yoshli ayol 23-iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 82 yoshli M.K.da 18-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va umumiy ahvoli og‘irligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas berish apparatiga ulangan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi, semizlikning 2-darajasi, parkinsonizm kasalligi, podagra kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 55 yoshli erkak vafot etgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, bemorga koronavirus infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 23-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 18 703 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 002 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan, 100 nafar bemor vafot etgan. Hozirda 8601 nafar bemorga esa shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.