Toshkentda yana 96 kishida koronavirus aniqlandi. O‘zbekistonda COVID-19’ga chalinganlar soni 19 mingga yaqinlashdi

O‘zbekistonda 23-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 165 taga oshib, 18 868 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi kasallanish holatlarining 54 nafari karantin markazidagi fuqarolar orasida, 96 nafari Toshkent shahrida, 15 nafari Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Shuningdek, bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 98 nafar, Samarqand viloyatida 48 nafar, Sirdaryo viloyatida 43 nafar, Namangan viloyatida 28 nafar, Navoiy viloyatida 27 nafar, Jizzax viloyatida 18 nafar, Qashqadaryo viloyatida 8 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7 nafar — jami 277 nafar bemor tuzaldi.

Ayni paytga qadar 10 149 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. Hozirda 8617 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Qarshi shahrida koronavirusga chalingan 64 yoshli erkak va Toshkentda 54 yoshli ayol vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 23-iyulda imzolangan Prezident farmoni bilan koronavirusga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh shifokorlar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.